Biz haqimizda

O’zbekistonda kibersportga asos solgan Federatsiya

Esports Uzbekistan Federatsiyasi 2016-yilda O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida rasman ro’yxatdan o’tgan va shu yildan o’z faoliyatini boshlagan

Esports Uzbekistan Federatsiyasi 2016-yilda O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida rasman ro’yxatdan o’tgan va shu yildan o’z faoliyatini boshlagan bo’lib, bugungi kunga qadar elektron kompyuter sporti sohasida bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Federatsiya tashabbusi bilan 2018-yildan elektron kompyuter sporti (kibersport) O’zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan rasmiy sport turlari reestriga 100-rasmiy sport turi sifatida kiritildi va sport taqvimidan o’rin oldi. Shu davrgacha O’zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda juda ham ko’plab loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Federatsiya va umuman, kibersport rivoji uchun vazirlik tomonidan katta e’tibor berilayotganini alohida qayd etib o’tish joiz. Hukumat bilan hamkorlik yo’lga qo’yildi va tan olingan Federatsiya sifatida davlat dasturlarida kibersportni rivojlantirish yo’nalishlari uchun mas’ul idora etib tayinlanib kelinmoqda.

2016-yil so’nggida, 2017-yil boshida Federatsiya tomonidan O’zbekistonda ilk bor eng yirik professional kibersport arenasi – “UZArena” tashkil etildi. Arena 2 300 kvadrat metr maydonga ega bo’lib, barcha sharoitlarga ega, xalqaro standartlarga javob beruvchi yirik kibersport inshooti hisoblangan.

Federatsiya kibersportchilari esa qisqa vaqt ichida professional dajaraga chiqishga hamda jahon va xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishga erishishdi.

Xususan, o’zbekistonlik kiberfutbolchilar Professional Futbol Ligasi tasarrufidagi futbol klublar bilan rasmiy shartnoma imzolashdi va klublar nomidan liga musobaqalarida qatnashishdi. Keyinchalik kiberfutbolchilarimiz Parijdagi xalqaro ESWC-2016 musobaqasida qatnashishdi, shuningdek Tbilisi va Kiyev shaharlarida o’tkazilgan xalqaro turnirlarda g’olib va sovrindor bo’lishdi.

2017-yil Federatsiyamiz tashabbusi bilan Toshkentda 1-xalqaro kiberfutbol musobaqasi tashkil etildi va unda bir qator xorijlik jahon chempionlar va qit’amiz yulduzlari ishtirok etishdi. Xalqaro ekspertlar tomonidan ushbu turnirga yuqori baho berildi.

Indoneziya poytaxti Jakarta va Palembang shaharlarida o’tkazilgan 2018-yilgi Osiyo o’yinlarida ilk bor kibersport yo’nalishida ham bellashuvlar tashkil etildi. Musobaqaga saralanganlar orasida o’zbekistonlik Sanjar Usmonovning borligi – o’zbek kibersportini Osiyoda rivojlanib borayotganini ko’rsatib qo’ydi. Ushbu musobaqada o’zbekistonlik kibersportchi kuchli 8 talikka kirishga muvaffaq bo’ldi.

Shu o’rinda ta’kidlash kerakki, qit’amiz kibersporti uchun eng katta sarmoya kiritayotgan Alibaba Sports kompaniyasi Esports Uzbekistan Federatsiyasining amalga oshirayotgan ishlariga yuqori baho berdi va 2019-yil boshida ikki tashkilot o’rtasida uzoq yillik shartnoma imzolandi. Hozirda Federatsiyamiz Alibaba kompaniyasi ta’sis etgan WESG musobaqasining respublika saralashlarini o’tkazib kelmoqda.

2018-yildan buyon Esports Uzbekistan milliy saralash bosqichlarini o’tkazib kelmoqda. Shu yilning o’zida “Pro Evolution Soccer” yo’nalishida Salohiddin Esanov WESG (kibersport o’yinlari bo’yicha jahon birinchiligi)ga saralandi. O’zbekistonlik kibersportchi Markaziy Osiyoda chempion bo’lib, O’zbekiston tarixida ilk bor WESG yo’llanmasiga ega chiqdi. Xitoyda o’tkazilgan birinchilikda ham kibersportchimiz chiroyli o’yinlar ko’rsatib, mutaxassislar olqishiga sazovor bo’ldi. 2019-yilgi milliy saralash bahslarida ham Salohiddinga teng keladigan raqib topilmadi, shundan so’ng, Markaziy Osiyo saralash bosqichida qatnashgan o’zbekistonlik kibersportchi ketma-ket ikkinchi bor chempionlikni qo’lga kiritib, WESG-2020 final bosqich bahslariga yo’l oldi.

Shuningdek, ushbu saralashda “DOTA 2” yo’nalishida “Team Uzbekistan” jamoasi ham ishtirok etib, final bosqich yo’llanmasiga ega chiqdi. Jamoaga jahonning taniqli “DOTA”chisi Akbar “SONNEIKO” Butayev sardorlik qildi.

2019-yil davomida Esports Uzbekistan maktab, universitet va yoshlar oromgohlarida 10dan ortiq tizimli musobaqalar tashkil etdi. Bu ishlar zamirida elektron kompyuter sporti sohasining yosh avlod orasida ommalashuvi jadallashishi va axborot-texnologiyalaridan maqsadli foydalanishni targ’ib qilish yotadi. Federatsiya bunday ishlarni 2020-yilda ham davom ettirgan holda, pandemiya va karantin sharoitida onlayn musobaqalar tashkil etib kelmoqda. Hozirga qadar 20 mingdan ortiq qatnashchilar onlayn musobaqalarda ishtirok etishdi, oldinda hali 4 oylik tizimli musobaqa va grand final turibdi.

Esports Uzbekistan mamlakatimizning bir qator tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. O’zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi (MITC), Ichki ishlar vazirligi, hamda Milliy Olimpiya qo’mitasi, O’zbekiston futbol assosiatsiyasi, Professional futbol ligasi, O’zbekiston Yoshlar Ittifoqi, Mirzo Ulugbek Innovation Center va boshqa texnik homiylar bilan qo’shma-loyihalar tashkil etilmoqda.

Shu vaqtga qadar Federatsiya mamlakatimizda bir qator turnirlar tashkil etdi, jumladan:

WESG Uzbekistan
PCL Uzbekistan (Liga)
ICT Week doirasida Uzbekistan Cup
MinSport Online kubogi
MinSport Esports Cup
O’zbekiston ochiq kuboklari va chempionatlari
Shaxmat online musobaqasi
5 ta tashabbus doirasidagi turnirlar
Bir qator onlayn saralash va turnilar
Va boshqalar.

2019-yilda AESF (Osiyo elektron sport federatsiyasi) Esports Uzbekistan’ni rasman tan olgan bo’lsa, joriy yildan boshlab, Federatsiya prezidenti Azizbek Pattaxov ijroqo’m kengash a’zosi etib tayinlandi. Bu orqali O’zbekiston Osiyo kibersportida ham o’z ovoziga ega bo’ldi.

Joriy yil boshida AESF (Osiyo elektron sport federatsiyasi)ning eMasters Cup turniri saralashida hamyurtlarimiz g’olib chiqishdi va Chengdu shahrida bo’lib o’tadigan “kuchli sakkizlik” grand finaliga yo’l olishdi.

2020-yil avvalida “Один пояс – один путь” shiori asosida tashkil etilgan SHHT’ning elektron sport yo’nalishi bo’yicha navbatdagi yig’ilishi Siyan shahrida o’tkazildi. Unda Federatsiyamizning tashkilotga to’liq a’zo (full membership) bo’lganligi va Esports Uzbekistan prezidenti Azizbek Pattaxovning ijroqo’m a’zoligiga kirganligi e’lon qilindi.

Esports Uzbekistan Federatsiyasi onlayn musobaqalar davomida Youtube tarmog’ida jonli efirlar va streamlarni yo’lga qo’ydi. Hozirga kelib, onlayn musobaqalarning har bir tur o’yinlari Esports Uzbekistan Youtube sahifasida jonli translyatsiya qilinmoqda. Shuningdek, Federatsiya televideniya orqali ko’rsatuvlarni ham efirga uzatib kelmoqda.

So’nggi haftada IESF (Xalqaro elektron sport federatsiyasi) ham Esports Uzbekistan’ning O’zbekistondagi kibersportni rivojlantirish va ommalashtirish yo’lidagi ishlariga yuqori baho berib, Federatsiyani rasman ro’yxatdan o’tkazdi va o’z a’zosi etib e’lon qildi. Bu o’zbekistonlik kibersportchilar uchun xalqaro maydonga chiqish eshiklari yanada kengroq ochilish imkoniyatini beradi.

Yaqin kelajakda Esports Uzbekistan mamlakatimizda kibersportni ommalashtirish va rivojlantirish yo’lida bir qator loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan. Birinchi navbatda Federatsiyaning barcha viloyatlarda hududiy-bo’linmalarini ochish va tizimli ishlaydigan akademiyalar shakllantirish. Bu orqali har bir hududdan (hatto chekka qishloqlardan) kibersport iqtidorlarini seleksiya qilish, ularning mahoratlarini oshirish va muntazam hududiy musobaqalar tashkil etish ishlari yo’lga qo’yiladi. Shuningdek, Esports Uzbekistan qoshida “Team Uzbekistan” jamoasini brendga aylantirish, milliy terma jamoaning marketing va PR yo’nalishlarini rivojlantirish, xalqaro imijni yaxshilash Federatsiyaning kelgusi rejalaridan o’rin olgan.

Poytaxtimizda yirik, universal kibersport majmuasini qurish va kibersport yo’nalishlarining jadallik bilan o’zagrishini hisobga olgan holda, tezkor moslashuvchanlikka ega tizimli o’qitish metodikasini ishlab chiqish, akademiyalarni aynan ushbu metodika bilan ta’minlash – Esports Uzbekistan’ning asosiy maqsadlardan biri.

Milliy kibersport mahsulotlarini ishlab chiqarish qatorida xalqaro talablarga javob beruvchi kompyuter o’yinlari industriyasini yo’lga qo’yish ham Federatsiyaning yaqin kelajakdagi rejalaridan o’rin olgan. Shuningdek, kelajakda kibersport yo’nalishining Olimpiya o’yinlari dasturidan o’rin olishini hisobga olgan holda, Esports Uzbekistan bu yo’nalishda ham mamlakatimizni eng nufuzli sport tadbirida munosib ishtirok etishini ta’minlash – Federatsiyaning eng asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi

Mamlakatimizdagi barcha kibersport klublari va ixlosmandlarini birlashtirish va yangi do’stlar orttirish, hamda bir jamoa ekanligimizni ko’rsatib, O’zbekiston nomini kibersport yo’nalishida ham jahonga tanitish va kibersport orqali yangi millionerlarni kashf etishga yordamlashish maqsad qilingan.

Hamkorlar